Loyiha haqida

Loyihaning maqsadi

Loyihaning asosiy maqsadi o‘zbek tilida qo‘llanilayotgan bojxona terminlarini tizimli ravishda jamlash, ularning lingvistik xususiyatlarini tahlil qilish hamda zamonaviy axborot texnologiyalari asosida elektron terminologik bazani yaratishdan iborat. Mazkur baza bojxona sohasiga oid terminlarning izohlarini, tarjimalarini, qo‘llanish xususiyatlarini va boshqa lingvistik ma’lumotlarni bir joyda jamlash imkonini beradi.Elektron baza bojxona terminologiyasini tartibga solish, terminlarning yagona standart shakllarini ommalashtirish hamda ilmiy tadqiqotlar, ta’lim jarayoni va amaliy faoliyatda ulardan samarali foydalanishga xizmat qiladi. Shuningdek, loyiha o‘zbek tilining raqamli resurslarini boyitish va kompyuter lingvistikasi yo‘nalishida terminologik ma’lumotlar bazalarini yaratish bo‘yicha ilmiy-amaliy ishlarni rivojlantirishga qaratilgan. Ushbu baza bojxona sohasi mutaxassislari, tarjimonlar, tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda terminologiya bilan shug‘ullanuvchi barcha foydalanuvchilar uchun mo‘ljallangan.

Dolzarbligi

Hozirgi globallashuv davrida xalqaro savdo va bojxona aloqalari kengayib bormoqda. O'zbek tili bojxona terminlarining aniq va bir xil shaklda ishlatilishi nafaqat muloqotni, balki huquqiy hujjatlar almashinuvini ham osonlashtiradi. Raqamli korpus yaratish esa kompyuter lingvistikasining bugungi kundagi ustuvor vazifalaridan biridir.

Vazifalari

  • Terminlarning morfologik va leksik tahlilini amalga oshirish.
  • Xalqaro standartlarga mos abreviaturalarni tizimlashtirish.
  • Bojxona hujjatlari shablonlarini bir joyga jamlash.
  • Terminologik lug'atning jonli qidiruv tizimini joriy etish.
Asosiy sahifaga qaytish